Qidirish
21/06/24, 09:16
1014

Xastaliklarning asosiy davo manbai bu tabiat!

Qadimda hali tibbiyot rivojlanmagan zamonlarda ham odamlar kasallikka chalingan va tabiat in’om etgan dorivor giyohlar bilan davolangan.

Xastaliklarning asosiy davo manbai bu tabiat!

Dorivor o‘simliklar ta’sir qiluvchi moddalarning tarkibiga qarab – alkaloidli, glikozidli, efir moyli, vitaminli kabi bir necha turlarga bo‘linadi. Yoki farmakologik ko‘rsatkichlariga qarab – tinchlantiruvchi, og‘riq qoldiruvchi, uxlatuvchi, yurak-tomir tizimiga ta’sir qiluvchi, markaziy nerv tizimini qo‘zg‘atuvchi, qon bosimini pasaytiruvchi vazifalarni bajaradi. Ularning organizmga ta’siri uning tarkibidagi kimyoviy birikmalarning miqdoriga bog‘liq. Bu birikmalar o‘simlikning qismlarida turli miqdorda to‘planadi.

O‘zbekiston tibbiyotida dorivor o‘simliklarning 63  turidan foydalanilmoqda. Shunga   e’tibor berish lozimki,  xalq  tabobatida  asrlar davomida ishlatilib kelinayotgan dorivor o‘simliklardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish, mahalliy aholi tajribalarini hisobga  olgan  holda, chuqurroq  tahlil etib, yangidan yangi dorivor turlarni aniqlash  hamda u yoki bu guruh  kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan o‘simliklarning ximotoksonomiyasiga  va farmakologiyasiga yanada chuqurroq  yondashish zarur.

O‘simliklarning dori-darmonlik xususiyatlari, ularning turli a’zolari (poyasi, kurtagi, bargi, shonasi, guli, urug‘i, mevalari, po‘stlog‘i, qobig‘i, ildizi, ildizpoyasi, ildiz tuganagi, piyozi) da to‘planadigan biologik faol moddalarning miqdori va sifatiga bog‘liqdir. Ular esa o‘z navbatida o‘simliklarning o‘sish va rivojlanish fazalariga, yoshiga, o‘sish sharoitiga, ekologik muhitga, o‘simliklar jamoasiga, xom ashyoni terish vaqtiga, tayyorlash, quritish  uslubiga va saqlash joylariga har taraflama bog‘liqdir.

Zomin Milliy Tabiat Bog‘i hududda yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklarning 1000 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, 107 dan ortiq turining dori-darmonlik xususiyati aniqlangan.

Shu o‘rinda ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, Zomin milliy tabiat bog‘i Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy yonbag‘irida, Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumani hududlarida joylashgan. Uning maydoni 23 890,2 ga ni tashkil etadi. Dengiz sathidan 1000 m dan 4033 m gacha balandlikda bo‘lib, uning yuqori nuqtasi Turkiston tog‘  tizmasining Shaukartog‘ cho‘qqisidir. Milliy bog‘ning janubiy-g‘arbiy qismi Baxmal tumanining Muzbuloq, Zartepa qishloqlari bilan, janubiy–sharqida esa Tojikiston  Respublikasi bilan chegaradosh.

Zomin milliy tabiat bog‘i hududida O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi” ga kiritilgan 18 tur o‘simlik bo‘lib, ulardan 5 turi dorivor giyohlardir. Ulardan Tallas parpisi-Aconitum talassicum, Sumbul kovrak- Ferula sumbul, Dilband lola-Tulipa affinis, Turkiston lolasi-Tulipa turkestanica, Kesselring savrinjoni-Colchicum kesselringii turlarini nomlarini keltirish mumkin.

Zomin milliy bog‘ida  uchrovchi dorivor o‘simliklarning bir qancha turi xalq  tabobatida va ilmiy tibbiyotda uzoq  yillar davomida foydalanilib kelinmoqda. Lekin, ayrim zaxiralari yetarli bo‘lgan turlardan fitoterapiyada foydalanish deyarli yo‘lga qo‘yilmagan, chunki ular yetarlicha darajada talqin etilmagan.

Adabiyotlardan  ma’lum bo‘lishicha, Zomin milliy tabiat bog‘ida o‘sayotgan dorivor o‘simliklarning asosiy turlari (endem turlaridan tashqari), Osiyo mamlakatlarining xalq tabobatida ko‘p ishlatilmoqda (Ozarbayjon, Hindiston, Mongoliya, Xitoy, Koreya, Yaponiya), Afrika (Misr) va sharqiy Yevropa (Belorussiya, Bolgariya, Rossiya, Slovakiya, Ukraina) mamlakatlarining xalq  tabobatlarida keng miqyosda  qo‘llanilmoqda. Uzoq yillar davomida dorivor o‘simliklardan keng ta’sir quvvatiga ega bo‘lganlarini tahlil etib, inson salomatligini saqlash va qayta tiklashda qo‘llash lozim. Ibn Sinoning «Tib qonunlari»ni olamiz. Unda ham aksariyat kasalliklarning davosi dorivor o‘simliklarning guli, bandi yoki tomiridan tayyorlangan malhamda mujassam bo‘ladi.

Keltirilgan manbalarga ko‘ra, Koreya, Xitoy davlatlarida bugun ham dorivor o‘simliklar madaniy holda yetishtirilib, zamonaviy tabobatda keng qo‘llaniladi.

Yurtimizda keyingi yillarda dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, ular yetishtiriladigan plantatsiyalarni tashkil qilish va qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining  2020-yil 10-apreldagi  «Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorida ham  dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlari tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, tashkil etiladigan klasterlar, ularni yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar tomonidan 2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan xomashyo, shu jumladan, madaniy plantatsiyalar barpo etish uchun urug‘ va ko‘chatlar, uskunalar hamda maxsus texnikalar, shuningdek, fitobarlar uchun zarur jihozlar bojxona bojidan ozod qilindi.

Bugun bizda ham dorivor o‘simliklarni yetishtirish, asrash va farmatsevtika sanoatida keng qo‘llash payti keldi. Buning uchun, avvalo, yovvoyi holda o‘sayotgan shifobaxsh o‘simliklarni asrash, kerak, imkoni borlarinigina madaniy holda ko‘paytirish zarur.