Qidirish
30/11/24, 11:29
691

Xitoydagi eng katta cho‘l daraxt bilan o‘rab olindi

Xitoy 46 yillik kampaniyasini yakunlab, mamlakatning eng katta Taklamakon cho‘lini daraxtlar bilan o‘rash ishlarini tugatdi. Ushbu loyiha davlatning cho‘llanishga qarshi kurash va bahorda mamlakatning ayrim hududlarini “bezovta qiladigan” qum bo‘ronlarini kamaytirish borasidagi milliy sa’y-harakatlarining bir qismi sifatida amalga oshirildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Taklamakon cho‘lini yashil belbog‘ o‘rab oldi.

• 3 ming kilometr uzunlikdagi yashil belbog‘ shimoli-g‘arbiy Shinjon hududida sahroning oxirgi 100 metr janubiy chegarasida daraxt ekilishi bilan yakunlangan.

• Sahroni daraxtlar bilan o‘rash ishlari 1978 yilda “Buyuk yashil devor” loyihasi doirasida boshlangan.

• Shu vaqt mobaynida 30 million gektar maydonda daraxt ekilgan.

Natijalar

• Daraxt ekish ishlari natijasida Xitoyning umumiy o‘rmon bilan qoplangan hududi 25 foizdan oshdi (1949 yilda bu ko‘rsatkich 10 foiz edi).

• Faqatgina Shinjon hududida o‘rmon qoplami so‘nggi 40 yilda 1 foizdan 5 foizgacha oshgan.

Tanqid va davom etayotgan sa’y-harakatlar

• Loyihaning ayrim tanqidchilari daraxtlarning yashab qolish darajasi pastligini va qum bo‘ronlarini kamaytirishda samarasi yetarli emasligini ta’kidlamoqda.

• Shinjon o‘rmon xo‘jaligi rasmiysi Chu Lidunning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Taklamakon sahrosi chekkasida ko‘chat ekishni davom ettiradi va yangi o‘rmon tarmoqlarini yaratishni rejalashtirmoqda.

Hali ham cho‘llanish muammosi mavjud

Xitoyning daraxt ekish sa’y-harakatlariga qaramay, mamlakat hududining 26,8 foizi hali ham “cho‘llangan” deb tasniflanadi. Bu ko‘rsatkich 10 yil avval 27,2 foiz bo‘lgan.

Bu loyihalar Xitoyning ekologik barqarorlikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri sifatida baholanmoqda.