Xotirlashga loyiq inson borki, demak, u qadrlanishga ham loyiqdir!
Inson - hayot gultoji. Uning qadri, hurmati har doim e’zozga loyiq. Imom Termiziy rivoyatlarida ham “Dunyodan o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar” - deyiladi.
Muhitdin Qalandarov o‘rmonchilik sohasining fidoyi xodimlaridan edi.
M.Qalandarov 1957 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek. 1988 yilda Toshkent Qishloq xo‘jaligi instituti o‘rmon xo‘jaligi fakultetini imtiyozli tamomlagan. 1988-1990 yillarda Qashqadaryo viloyatining Kitob o‘rmon xo‘jaligida injener lesomeliorator lavozimida ishlagan.
1990 yilning avgust oyidan Toshkent davlat agrar universiteti O‘rmonchilik kafedrasi laboranti, kafedrada assistenti, katta o‘qituvchi, dotsent va professor lavozimlarida mehnat qilgan. 1994 yilning iyulidan 1997 yilning sentyabr oyigacha Meva-sabzavotchilik va o‘rmon xo‘jaligi fakulteti ma’naviy, ma’rifiy va o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini lavozimida ham barakali mehnat qilgan. U fakultet talabalari uyida ma’naviy-ma’rifiy xonalarni tashkillashtirish va jihozlashda bosh qosh bo‘ldi. U ilmiy izlanuvchi sifatida ishlab 2004 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi ilmiy darajaga ega bo‘lgan.
Bugungi kunda M.Qalandarov tomonidan 4 ta darslik, 9 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy qo‘llanma, 1 ta monografiya, ikkita tavsiyanoma va 100 dan ortiq respublika va xorijiy davlatlar ilmiy jurnallarida maqolalar chop ettirgan. U Respublikamizning yirik o‘rmon xo‘jaliklari muxandis-texnik xodimlariga xo‘jalik faoliyatida ishlab chiqarish sohasida yangi texnologiyalarni joriy etishda o‘z vaqtida davra suhbatlari uyushtirib keladi. Shu kungacha bir necha xorijiy va respublika miqiyosidagi ilmiy loyihalarda bajaruvchi sifatida ishtirok etgan. Qalandarov M.M. ilmiy va pedagogik ishlarni olib borish bilan bir qatorda universitetning jamoat va ma’naviy-ma’rifiy ishlarida ham faol ishtirok etgan.
Jamiyatimiz yana bir fidoyi xodimini, samimiy insonini yo‘qotdi. M.Qalandorov joriy yil 3 may kuni vafot etdi.
Xotirlashga loyiq inson borki, demak, u qadrlanishga ham loyiqdir. Ayniqsa bu kabi xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, muruvvat va himmat barcha bayramlarimiz singari “Xotira va qadrlash kuni” misolida ham yorqin namoyon bo‘ladi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati