Qidirish
07/10/23, 17:34
810

“Yashil makon” doirasida belgilangan reja bajarildimi?

O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil bahor mavsumida 127,7 million tup ko‘chat va qalamchalar ekilgan bo‘lib, bu belgilangan rejaga asosan 102,2 foizni tashkil qilmoqda.

Bahorgi mavsumda “Yashil makon” doirasida belgilangan reja Qoraqalpog‘iston respublikasida 100,9 foizga, Andijon viloyatida 103,9 foizga, Buxoro viloyatida 103,2 foizga, Jizzax viloyatida 102,2 foizga, Qashqadaryo viloyatida 100,9 foizga, Navoiy viloyatida 101 foizga, Namangan viloyatida 102,1 foizga, Samarqand viloyatida 101,5 foizga, Surxondaryo viloyatida 100,7 foizga, Sirdaryo viloyatida 101,3 foizga, Toshkent viloyatida 102,9 foizga, Farg‘ona viloyatida 104,4 foizga, Xorazm viloyatida 103,6 foizga, Toshkent shahrida esa 105,5 foizga bajarilgan.

Bundan tashqari, kuz mavsumida 85 million dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston respublikasida 5 million 950 ming, Andijon viloyatida 6 million 551 ming, Buxoro viloyatida 6 million 573 ming, Jizzax viloyatida 6 million 732 ming, Qashqadaryo viloyatida 6 million 947 ming, Navoiy viloyatida 5 million 973 ming, Namangan viloyatida 6 million 543 ming, Samarqand viloyatida 6 million 942 ming, Surxondaryo viloyatida 6 million 803 ming, Sirdaryo viloyatida 5 million 987 ming, Toshkent viloyatida 6 million 893 ming, Farg‘ona viloyatida 6 million 502 ming, Xorazm viloyatida 6 million 156 ming, Toshkent shahrida 453 mingta ko‘chatlar ekiladi.

Yil yakuniga qadar har bir tuman (shahar) markaziy hududlarida 0.5 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan maydonlarda “vazirlik” va “hokimlik bog‘lari”, “yashil bog‘lar” hamda har 50 – 100 ming aholi uchun “jamoat parklari” tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, respublikadagi I va II toifadagi yirik sanoat korxonalari tomonidan 1 million 835 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘”lar barpo qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 11 martdagi 42-son bayoni bilan joriy yilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li va tog‘oldi hududlarda vazirliklar hamda tashkilotlar tomonidan yashil bog‘lar tashkil etish belgilangan. Joriy yil bahor mavsumida Bo‘stonliq tumanida jami 326 gektar maydonda 146 ming dona daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlari amalga oshirildi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan ham 65 gektar maydonda “yashil bog‘” tashkil etish belgilangan. Alohida qayd etish lozimki, “Yashil loyiha” loyihalash instituti tomonidan Bo‘stonliq tumani Piskom qishlog‘i hududida bog‘ tashkil etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. Ushbu loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq agentlik huzuridagi “Yashil hudud” DUK va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi o‘rtasida bog‘ tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolanib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar “Yashil hudud” DUK tomonidan 15 mingdan ortiq chuqurlar kavlanib, yer tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida ko‘chat ekish ishlari joriy yil kuz mavsumida to‘liq amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda Nukus shahri atrofida 5 km masofada 3590 dona, Urganch shahri va Urganch-Gurlan avtomobil yo‘li atrofiga 5 km masofada 2500 dona katalpa, qayrog‘och, yapon saforasi kabi tuproq-iqlim sharoitga mos daraxtlar ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘lar” barpo etildi.