Yashil maydonlarni ko‘paytiraylik!
Ona tabiat – bu tiriklik manbai. Yashil maydonlarni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar esa olamni, odamni asrashga xizmat qiladi.
Ma'lumki, hukumat qaroriga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, mahallalar va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari «Yashil bog‘lar»ni barpo etish bo‘yicha hokimliklarga tashabbus bilan chiqishi mumkin. Taklif bosqichma-bosqich ma'qullansa, «Yashil hudud» davlat unitar korxonasi bilan shartnoma tuzilib, bog‘ yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2023 yil 11 martdagi 42-son bayoni bilan joriy yilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li va tog‘oldi hududlarda ham vazirliklar hamda tashkilotlar tomonidan yashil bog‘lar tashkil etish belgilangan. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan 65 gektar maydonda 32 mingdona ko‘chatlar ekilib, “yashil bog‘” tashkil etish belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida “Yashilloyiha” loyihalash instituti tomonidan Bo‘stonliq tumani Pskom qishlog‘i hududida bog‘ tashkil etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqishda hududning tuproq va tabiiy-iqlim sharoitini inobatga olgan holda ekiladigan daraxt turlari tanlab olindi.
Shuningdek, ushbu loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq O‘rmon xo‘jaligi agentligi “Yashil hudud”DUK va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi o‘rtasida bog‘ tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar “Yashil hudud” DUK tomonidan ekiladigan ko‘chatlarni komi va ildiz hajmini inobatga olgan holda 15 mingdan ortiq chuqur (xandaq)lar qazilib, yer tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida ko‘chat ekish ishlari joriy yil kuz mavsumida to‘liq amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati