Yig‘ishtirilgan joy emas, chiqindi tashlanmagan joy tozadir!
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha kunlik tashlanayotgan maishiy chiqindilarning faqat uchdan bir qismi qayta ishlanadi. Shu bois chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
O‘zbekiston bo‘yicha bir kunda 19-20 ming tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Chiqindilar turli xil metallar, shisha idishlar, makulatura, plastik, oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat bo‘lib, ularning faqat 32 foizi qayta ishlanadi.
O‘zbekistonda atrof-muhit, flora va faunani asrash maqsadida huquqbuzarlarga nisbatan katta miqdordagi jarima jazolarini qo‘llash, hattoki moliyaviy sanktsiyalar e’lon qilish masalalarini qonunchilikka kiritish takliflari ishlab chiqilmoqda.
Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, Singapur, Yaponiya yoki Koreya davlatlari tajribasiga tayanilsa, ushbu mamlakatlarda saqichmi yoki tamaki qoldig‘i bo‘ladimi, polimer chiqindimi, ularni ko‘chaga uloqtirish, katta miqdordagi jarima jazosiga sabab bo‘ladi. Hattoki ularga nisbatan moliyaviy sanktsiyalar qo‘llaniladi. Lekin mamlakatimizda hali bu joriy etilmagan. Yangi qonunchilikda aynan mana shunday choralar ham e’tiborga olinadi. Bular qonunchilikka kiritiladi. Bugun O‘zbekistonni ozoda va yashil saqlab qolish uchun ham shunday chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
“Xalqimiz orasida ‘Yig‘ishtirilgan joy emas, chiqindi tashlanmagan joy tozadir’, degan naql yuradi. Bu masalani ham vazirligimizning shiorlaridan biriga aylantirmoqchimiz” , deydi A.Abduhakimov.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati