Zamonaviy tibbiyotdan foydalanishning ham o‘z qoidalari bor!
Ma’lumki, 2021-yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzuridagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.
Dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish, yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar areallarini o‘rganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish, urug‘lik materiallarini yetishtirish va tayyorlash, ko‘paytirish, kolleksion ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ularning xom ashyolarini qayta ishlash bilan bog‘liq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish, dorivor o‘simliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish, tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib madaniy holda yetishtiriladigan dorivor o‘simliklarning agrotexnologik xaritalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi buyurtmasiga ko‘ra ishlab chiqish, dorivor o‘simliklar kimyoviy tarkibini o‘rganish, mahsulotini standartlash va sertifikatlash hamda dorivor o‘simliklarga bo‘lgan ichki va tashqi bozorlar talabini o‘rganish bo‘yicha marketing tadqiqotlari olib borish Markazning eng asosiy vazifalaridir.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va aholining hamda farmatsevtika korxonalarining dorivor o‘simliklar xomashyosiga bo‘lgan talabini yanada yaxshilash va eksportbop dorivor o‘simliklar xomashyosini tayyorlash hajmlarini ko‘paytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qator qarorlari ijrosini ta’minlash va Markazga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, sohada birmuncha ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2023-yilda plantatsiyalarini barpo etish 5 ming 280 gektar maydonda, xom-ashyosini tayyorlash hajmi 9 ming 62 tonnaga va yetishtirilgan madaniy turlari 65 taga yetkazilgan yoki xom-ashyo tayyorlash hajmi 2,2 barobarga oshishiga erishilgan. Bugungi kunda Markazda jami 29 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 9 nafari texnik xodim, 20 nafari rahbar va ilmiy xodim hamda mutaxassislardan iborat.
Qayd etish lozimki, o‘tgan 2021-2022-yillar davomida Markaz tarkibida tashkil etilishi belgilangan 4 ta laboratoriyadan 3 tasi ya’ni Dorivor o‘simliklar introduksiyasi va agrotexnikasi laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar xom ashyosini qayta ishlash texnologiyasi laboratoriyalari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur laboratoriyalar joylashtirilgan binolarni joriy ta’mirlash va jihozlash uchun byudjet mablag‘lari doirasida jami 374.5 mln so‘m sarflandi.
2022-yilda Markaz tomonidan tashkil etilgan ekspeditsiya tomonidan Qashqadaryo viloyati 6 ta o‘rmon xo‘jaliklari (tog‘ va tog‘ oldi hududlarida)o‘rmon fondi yerlarida so‘ngi 30-yil ichida ilk marotaba dorivor o‘simliklarni tarqalish areallarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Natijada 166 gektar maydonda yovvoyi holda o‘suvchi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simliklarning 5 turi, 5062 gektar maydonda dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarning 34 turining tarqalish areallari o‘rganildi va zaxiralari aniqlandi. Shuningdek, aniqlangan o‘simliklar dunyosi obyektlarini davlat kadastri ma’lumotlari geoaxborot bazasi talabi va shakllari bo‘yicha shakllantirilib elektron xaritalari yaratildi. Shundan 621 gektar maydonda kamayib borayotgan va yo‘qolish xavfi ostida turgan dorivor o‘simliklarning onalik plantatsiyalarini tashkil etish mumkin bo‘lgan maydonlari belgilandi. Shuningdek, 145 ta turdagi dorivor o‘simliklarning gerbariy namunalari tayyorlandi.
2023-yilda esa ekspeditsiya tomonidan Jizzax viloyati (tog‘ va tog‘ oldi) o‘rmon fondi yerlarida dorivor o‘simliklarni tarqalish areallarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
Ekspeditsiya natijalariga ko‘ra, yovvoyi holda o‘suvchi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simliklar (162,5 gektar maydonda 31 tur), dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar (5907 gektar maydonda 43 tur) hamda, texnik maqsadda foydalaniladigan o‘simliklar (12 gektar maydonda 3 tur)ning tarqalish areallari o‘rganildi va zaxiralari aniqlandi. Shuningdek, aniqlangan o‘simliklar dunyosi obyektlarini davlat kadastri ma’lumotlari geoaxborot bazasi talabi va shakllari bo‘yicha shakllantirilib AreGIS ArcMap dasturi yordamida elektron xaritalari yaratildi.
Markaz tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga 4 ta, Innovatsion rivojlanish agentligiga – 16 ta (7,6 mlrd.so‘m) amaliy loyiha, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga – 1 ta(5,5 mlrd. so‘m) amaliy loyiha, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga – 1 ta (200 mln.so‘m) amaliy loyiha taqdim etildi. Shundan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-174 sonli qarorining 35-bandiga asosan Markaz tomonidan “Andijon viloyati o‘rmon fondi yerlarida dorivor lavanda (Lavandula) va kovul (Cāpparis) o‘simliklarini yetishtirish hamda qo‘shimcha qiymat mahsulotlarini yaratish” bo‘yicha umumiy qiymati 750 mln so‘mlik ilmiy-amaliy loyiha moliyalashtirilib, hozirda ishlar amalga oshirilmoqda.
2024-yil 12-fevralida Toshkent kimyo-texnologiyalar institutida “Ta’lim va tadqiqotlarni takomillashtirish-2024 mavzusida II-O‘zbekiston-Hindiston xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Markaz mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etdi. “Sibirskoye zdrove” kompaniyasi bilan Namangan viloyati Chortoq tumani hududida 10 gektar maydonda 6 turdagi dorivor o‘simliklarni yetishtirish va olingan mahsulotlari kimyoviy tarkibini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish yo‘lga qo‘yildi.
Yaponiyaning Yakuzimi informatsion ta’lim markazi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi hududida shirinmiya uralensis hamda efedra sinika dorivor o‘simliklarni yetishtirish va Yaponiyaga eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha dasturi shakllantirilib xalqaro donor tashkilotlariga taqdim qilindi.
Olib borilgan marketing o‘rganishlar natijasida 20 ta davlatning 65 turdagi dorivor o‘simliklarga bo‘lgan talabi o‘rganildi va 2024-yilda madaniy holda plantatsiyalarini barpo etish, maydonlarini kengaytirish bo‘yicha O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Qishloq xo‘jaligi vazirliga takliflar berildi.