“Zomin” turistik-rekreasion zonasida qanday amaliy ishlar bajarilgan?
Ma’lumki, tog‘li hududlarning mavjud turistik salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, xalqaro umummavsumiy kurortlar, mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilmasi ob’yektlarini barpo etish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida “Zomin” turistik-rekreasion zonasi tashkil etilgan. Mazkur hududda atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash maqsadida jamoat va turizm infratuzilmasi ob’yektlari, ko‘chalar va piyodalar yo‘llari orasida yashil maydonlarni yaratish hamda ko‘kalamzorlashtirish uchun 29,0 gektar maydonda manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
Ekologiya vazirligi huzuridagi “Yashilloyiha” loyihalash instituti tomonidan belgilangan hududda 12,9 ming dona manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarishlash bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi “Yashil hudud” DUK tomonidan loyiha hujjatlari asosida amaliy ishlar boshlanib, hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos zarang, Qrim qarag‘ayi, shumtol va sadaqayrag‘och kabi yirik hajmli jami 3,5 ming dona ko‘chatlarni ekish ishlari amalga oshirildi.
Qayd etish lozimki, «Zomin» turistik-rekreasion zonasi chegaralari va «Suffa platosi. 2 400» xalqaro umummavsumiy kurorti va «O‘riklisoy» turizm majmuasi chegaralarining tavsifi hamda «Zomin» turistik-rekreasion zonasini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, zonada uzunligi 2 ming 640 metr bo‘lgan zamonaviy dor yo‘li qurilgan.