Qidirish
11/10/23, 06:05
1223

Zoom platformasi orqali o‘quv-seminar tashkil etildi

O‘zbekistonning 70 % yoki 31,4 million gektar yeri qurg‘oqchil maydonlardan iborat bo‘lib, ular asosan tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumliklar va qumliklar tarqalgan hamda issiq garmsel shamollari ta'siridagi hududlardan iboratdir. Orol dengizi suv sathining qurishi tufayli O‘zbekistonda yana qo‘shimcha 3 mln gektardan ortiq maydonda Orolqum paydo bo‘ldi. Natijada, ushbu regionda ekologik muhit yomonlashib, cho‘llanish jarayonlari yanada kuchaydi va ko‘plab ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi. Birgina Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 2000-2018 yillar davomida 8 mln gektardan ortiq yer maydonlari turli darajada sho‘rlandi va 1 mln ga yer maydonlarida eroziya xolatlari kuzatildi. Bu esa ushbu regionning 96 % hududini tashkil etadi. Cho‘llanish ta'sirida ushbu region hududlarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi qariyib 40-45 % gacha kamayib ketdi.

Respublika o‘rmon xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun Zoom platformasi orqali o‘quv-seminar tashkil etildi. Seminar davomida mutaxassislar tomonidan cho‘llanish va qurg‘oqchilik muammolariga doir hamda “Yashil makon” umummilliy loyiha yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma'lumotlar taqdim etildi.

Ma'lumki, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 mln. tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilangan edi. Bunday keng ko‘lamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan jami 200 ming gektar, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 17 ming gektar, Xorazm viloyatida 10 ming gektar va o‘rmon fondining boshqa hududlarida 5 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” - himoya o‘rmonzorlari qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarilgan. Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etilgan. O‘rmon barpo qilish, niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari uchun daraxt va butalarning 980 tonna urug‘lari jamg‘arilgan. Tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalar turlaridan 787 gektar maydonda niholxona, ko‘chatxonalar tashkil etilgan.

O‘rmonlarni muhofaza qilish va saqlash maqsadida tizim tashkilotlari tomonidan 40 ming gektar maydonda o‘rmon kasallik va zararkunandalariga qarshi o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rmon yong‘inlarini oldini ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida agentlik va tizim tashkilotlarida yong‘in kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lgan yoz mavsumida uzluksiz navbatchilik tashkil etilgan. O‘rmon hududlarida yashovchi aholi va o‘rmonga tashrif buyuruvchilar uchun o‘rmondan to‘g‘ri foydalanish, o‘rmon yong‘inlarini sodir etilishini oldini olish maqsadida 2000 ga yaqin ogohlantiruvchi bannerlar joylashtirilgan. Shuningdek, o‘rmon fondidagi 3,5 ming gektar foydalanilmayotgan yer maydoni o‘zlashtirilgan.

Mamlakatda mavjud qonunchilikka ko‘ra, dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarni keng qo‘llash maqsadida shifokorlarni dorivor o‘simliklar va xalq tabobati usullari asosida davolash bo‘yicha qayta tayyorlash va ixtisoslashtirishni hamda terapevt, umumiy amaliyot va oilaviy shifokorlarni tayyorlashda chuqurlashtirilgan o‘qitishni tashkil etish va davlat tibbiyot muassasalarida, jumladan, har bir poliklinikada dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlarni tashkil qilish masalalari belgilab qo‘yilgan. Xodimlarga shular xususida ham ma'lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, seminar ishtirokchilari O‘zbekiston va xorijiy davlatlaridan olib kelingan turli daraxt urug‘lari va ko‘chatlarini iqlimlashtirish, parvarishlash, ko‘chatlarni yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumotlar bilan ham tanishdi.

Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati.