Tuproqni ekishga tayyorlash
Daraxtlar va butalar o‘sib rivojlanishining dastlabki davrida kuchli skelet ildiz tarmog‘ini shakllantiradi va ular bir muncha chuqurroqqa o‘sib boradi. Rivojlanishning keyingi davrida ular o‘zlarining yon ildizlarini shakllantiradilar. Yoshi ulg‘ayishi davomida ildizlar tuproq qatlamlariga tarqalib, yiriklashib boradi. Tuproqqa chuqur ishlov berilganda ildizlarning chuqur qatlamlarga o‘sib borishiga yaxshi sharoit yaratiladi. Shuning uchun ko‘chat ekishdan oldin tuproqqa chuqur (60 sm) ishlov berish tavsiya etiladi. Ishlov berishdan oldin dala ko‘p yillik begona o‘tlar, toshlar, ildiz qoldiqlari va boshqalardan tozalanadi. Daraxt ko‘chatlari maxsus tayyorlangan chuqurchalarga ekiladi. Chuqurchaning eni 90-100 sm, chuqurligi 70 sm bo‘lishi kerak, bu ko‘chat ildizlarining bir tekis joylashishini taʼminlaydi. Asfaltlangan yo‘lkalar chetiga ekiladigan ko‘chatlarning atrofi 1,5-2,0 m aylana shaklda ochiq bo‘lishi shart.
Tuproq kuchli zichlangan bo‘lsa, chuqurlarning tubi va devorchalarini 15-20 sm yumshatish zarur. Shtambini atrofi ildizlar zararlanmasligi uchun tuproqni 5-7 sm chuqurlikkacha yumshatiladi.
Bog‘ barpo etish amaliyotida standart ko‘chatni ekish uchun chuqurlarning kattaligi quyidagicha kattaliklarda bo‘ladi:
a) 8-10 yoshli daraxtlar uchun diametr 1 m, chuqurlik 0,80 m;
b) 3-5 yoshli yakka butalar uchun diametr 0,70 m, chuqurlik 0,70 m;
v) Guruh-guruh qilib ekilganda umumiy kotlovan chuqurligi daraxtlar uchun 0,80m, butalar uchun 0,70 m;
g) Bir va ikki qatorli butali yashil devorlar uchun transheyaning kattaligigi 0,6×0,6 m. Har keyingi qatorga transheyaning eni 0,1 m ga ortadi, chuqurligi o‘zgarmaydi. Qatorlar oralig‘i 0,2 m, o‘simliklar oralig‘i (qatorning ichida) bir qator qilib ekilganda 0,25-0,40 m, ikki qatorlida 0,40-0,50 m, uch qatorli va boshqalarda 0,50-0,80 m ni tashkil etishi kerak. Ko‘chatlar shaxmat tartibida ekilish kerak;
d) Butalarga shakl bermasdan polosa qilib ekilganda: bir qatorli polosa uchun 0,7×0,7 m qilib ekilib, har bir keyingi qatorga eni bo‘yicha 0,5 m qo‘shiladi, chuqurligi o‘zgarmaydi, qatorlar orasi 0,5 m, qatorlar ichidagi masofa bir qatorli ekilganda 1,0 m, ikki qatorlida 1,2 m, uch qatorlida va boshqalarda 1,5 m ni tashkil etadi.
Kattaroq daraxtlar va butalarni ekishda chuqurlarning hajmi ko‘chatlarning kattaligi va mahalliy tuproq sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi. Chuqur ishlov berilgan tuproqlarda ekish uchun tayyorlangan chuqurchalar uncha teran bo‘lmasligi mumkin, ammo ekish davrida ildizlarning qiyshayib yoki siqilib qolmasligi uchun ular chuqurlarga bemalol joylashishi kerak. Kuzda ekish uchun chuqurlar ekishdan 15 kun oldin tayyorlab qo‘yiladi, keyin oldindan tayyorlangan unumdor tuproq aralashmasi bilan ko‘miladi. Bahorda ekish ishlarini olib borishda odatda chuqurlar kuzda tayyorlab qo‘yiladi va bahorgacha ochiq qoldiriladi. Chuqurlarni ekishdan bir necha kun oldin tayyorlab qo‘yish tuproqning cho‘kishini hisobga olgan holda, hamda tuproqda havo almashishini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi. Namlik ortiqcha ushlanib qolmasligi uchun 15-20 sm chuqurlikdi shag‘al yoki mavydalangan tosh bilan drenaj qilinadi. Ko‘chatlarni bahorda ekishga to‘g‘ri kelib qolsa, chuqurlar ekishdan kamida besh kun oldin tayyorlanishi kerak.
Chuqurlarni va transheyalarni qazishda tuproqning yuqori unumdor qismini bir tomonda yig‘iladi va keyinchalik ko‘chatlarning tagini ko‘mishda ishlatiladi. Ortib qolgan unumdor bo‘lmagan tuproq maydonni tekislashda ishlatiladi. Oziq elementlari kam bo‘lgan tuproqlarga ko‘chatlar ekishda chirindili tuproq aralashmasidan qo‘shib ko‘mish tavsiya etiladi. Ko‘chatlarning tagi tuproq bilan to‘ldirilganda, keyinchalik uning cho‘kishi hisobga olinishi kerak bo‘ladi, shuning uchun ko‘milgan tuproq tabiiy yer sathidan 10 sm yuqori holda zichlanishi zarur.
Yosh daraxtzorlarni o‘g‘itlashda o‘g‘itni chuqurroq qatlamlarga berish yaxshi samara beradi. Bundan tashqari ekishda chuqurlarga chirigan go‘ng yoki biogumus aralashtirib ko‘mish ham mumkin. Biogumus qo‘llaganda og‘ir tuproqlarni yumshatadi, tuproqni oziq elementlarga boyitib, nam saqlash xususiyatini yaxshilaydi. Qumli va qumoqli tuproqlarda chuqurning tagiga loyli tuproqlardan solish maqsadga muvofiq, chunki bunday tuproqlar namni o‘zidan chuqur qatlamlarga o‘tkazvoradi. Loyli tuproq solinganda namlik ko‘proq vaqt saqlanadi. Loyli tuproqlar uchun esa, aksincha qumli va qumoqli tuproqlar aralashtiriladi.
Ko‘chatlarni ekish sxemalari
- Ko‘chatlar biologik xususiyatlaridan kelib chiqib ekish sxemalari turlicha belgilanadi:
- bo‘yi baland va tarvaqaylab shoxlaydigan turlar – 8x8 yoki 10x10 m;
- o‘rtacha shoxlaydigan turlar - 5x4 yoki 5x6 m;
- tik o‘sadigan, keng shoxlamaydigan turlar - 3x2 yoki 3x4 m;
Bo‘yi baland bo‘lib, tarvaqaylab shoxlaydigan turlari
Bo‘yi baland, uzoq umr ko‘radigan va tarvaqaylab shoxlaydigan daraxt turlari (200-300 yil) 8x8, 8x10 yoki 10x10 m sxemada ekiladi.
Bularga chinor, eman, yong‘oq, o‘rik, ginkgo biloba, pekan, kabi daraxtlar kiradi.
Izoh: Bunda orasini to‘ldirish uchun butasimonlar yoki mevali ko‘chatlar ekish mumkin
O‘rtacha shoxlaydigan daraxt turlari
O‘rta bo‘yli va o‘rtacha shoxlaydigan daraxt turlari (100-150 yilgacha) 5x4, 5x5 yoki 5x6 m sxemada ekiladi.
Bularga ignabargli daraxt turlari (sosna), qayrag‘och, shumtol, zarang, akatsiya, lipa, kashtan, gledichiya, tut va bodom kabi daraxtlar kiradi.
Izoh: Bunda orasini to‘ldirish uchun bo‘yi past daraxtlar va butalar ekish mumkin
Tik o‘sadigan, shoxlari ortiqcha tarvaqaylamaydigan daraxtlar
Bo‘yi pastroq, tik o‘sadigan, shoxlari atrofga tarvaqaylamaydigan daraxt turlari 3x2, 3x3 yoki 3x4 m sxemada ekiladi.
Bularga ayrim tik o‘sadigan daraxtlar, terak, katalpa,mojjevelnik xamda butalar, na’matak, saksovul, siren, jimilost, mevali daraxtlarning ayrim turlari kiradi.