Qidirish

O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlariga aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlar (murojaatlar)ni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi

1-bob. Umumiy qoidalar.

1. Mazkur Tartib O‘rmon xo‘jaligi agentligi va uning tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalari va xo‘jaliklari (keyingi o‘rinlarda –Agentlik va tizim tashkilotlari)da korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va tegishli ta'sir choralarini ko‘rishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

2. Mazkur Tartib Agentlik va tizim tashkilotlaridagi aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar haqida kelib tushgan xabarlar bilan ishlashning asosiy tamoyillari, shuningdek, xabarlarni qabul qilish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish, shuningdek, Agentlik va tizim tashkilotlari rahbarlariga hisobot taqdim etish tartibini belgilaydi.

3. Mazkur Tartib maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

ishonch telefoni – Agentlikka telefon orqali kelib tushadigan murojaatlarni markazlashgan holda qabul qilish, tasniflash va tizimlashtirish, shuningdek, o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini monitoring qilish imkonini beruvchi tizim;

murojaatchi – aloqa kanallari orqali Agentlik va tizim tashkilotlaridagi korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida axborot berish uchun murojaat qilgan har qanday jismoniy va (yoki) yuridik shaxs, xodim;

manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko‘rsatayotgan yoxud ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;

korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi;

korrupsiyaviy harakatlar – xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora beruvchi manfaatlari yo‘lida harakat yoki harakatsizlik uchun moddiy manfaatdor bo‘lishi, shu jumladan pul, qimmatbaho qog‘oz, boshqa ko‘rinishdagi mulk va mulkiy huquqlar, mulkiy xarakterdagi xizmatlar olish, talab qilish, undirish, taklif qilish yoki berish, pora berish va/yoki olish yoki bunda vositachilik qilishda, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar undirish (pora olish) va boshqa noqonuniy maqsadlarda o‘z xizmat vazifalaridan noqonuniy foydalanishi;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi – amaldagi qonunchilik va ichki hujjatlarni korrupsiyaviy jihatdan buzilishini bartaraf etish, Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlari tomonidan yuqori darajada kasbiy va axloqiy faoliyat olib borishlarini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar majmui;

korrupsiyaviy xavf–xatar – xodimlar yoki uchinchi shaxslar tomonidan Agentlik va tizim tashkilotlari nomidan va (yoki) ularning manfaatlarini ko‘zlab korrupsiyaviy harakatlarni sodir etish xavfi;

taaluqli xabar – Agentlik va tizim tashkilotlaridagi korrupsiyaviy harakatlar va (yoki) manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotdan iborat bo‘lgan xabar;

xodim – Agentlik bilan mehnat munosabatlariga kirishgan shaxs;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi – xodim tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarishi chog‘ida o‘zi yoki uchinchi shaxslarning manfaatlari yo‘lida xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari, moddiy yoki nomoddiy boyliklar, boshqa mol-mulk va imtiyozlar ko‘rinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijoriy yoki notijoriy manfaatlari).

4. Agentlik korrupsiyaviy harakatlar haqida axborot berishga mo‘ljallangan aloqa kanallarining ishini quyidagi tamoyillar asosida tashkil etadi:

konfidentsiallik va xavfsizlik – aloqa kanallaridagi xabarlardan foydalanishga ruxsat berilgan Agentlik va tizim tashkilotlarining barcha vakolatli shaxslari ushbu xabarlarni vakolatga ega bo‘lmagan shaxslarga berish (oshkor qilish) ga haqqi yo‘q.

Agar murojaatchi o‘z xabarini yuborganligi xaqida boshqa xodimlarga yoki uchinchi shaxslarga o‘z xohishiga ko‘ra, jumladan, ehtiyotsizligi natijasida oshkor qilgan bo‘lsa, Agentlik va tizim tashkilotlari uning oshkor bo‘lishiga javobgar bo‘lmaydi;

qonuniylik – Agentlik aloqa kanallariga kelib tushadigan xabarlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va ko‘rib chiqish qat'iy ravishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari va ushbu Tartibga muvofiq amalga oshiriladi;

murojaatchining ta'qib qilinmasligi – aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy harakatlar haqida o‘z xohishiga ko‘ra xabar bergan jismoniy va yuridik shaxs, xususan Agentlik xodimi xabarning mazmunidan qat'i nazar biron-bir javobgarlikka tortilmaydi;

murojaatchi bilan majburiy tartibdagi qayta aloqa – agar xabar anonim bo‘lmasa, uni ko‘rib chiqish natijalari Agentlik va tizim tashkilotlari tomonidan murojaatchiga yetkazilishi lozim;

ta'sir choralarini qo‘llashning majburiyligi – korrupsiya fakti tasdiqlangan taqdirda, Agentlik aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq harakat qiladi.


2-bob. Korrupsiyaga oid harakatlar haqida axborot berish uchun aloqa kanallari.

5. Taaluqli xabar quyidagi aloqa kanallaridan yuborilishi mumkin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi (https://pm.gov.uz/) orqali;

Agentlikning elektron pochtasi orqali – antikor@urmon.uz,

Agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanal va sahifalari (misol uchun Facebookdagi rasmiy sahifasi (https://www.facebook.com/Urmon-News-2424914581061376) orqali;

Agentlikning telefon raqamlari (71-263-03-58-ishonch va boshqa ish telefon raqamlari) orqali;

Agentlikning telegram boti (@urmon_bot) orqali;

Agentlikka og‘zaki (shaxsan) murojaat qilish orqali;

huquqni mahofaza qiluvchi organlar orqali;

mazkur Tartibda ko‘rsatilmagan boshqa aloqa kanallari orqali.

6. Agentlik va tizim tashkilotlari aloqa kanallari to‘g‘risidagi axborotni rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifa hamda kanallariga joylashtiradi, shuningdek, xodimlarga davriy ravishda yuboriladigan elektron xatlar tarqatmalariga va o‘quv materiallariga kiritadi, Agentlik va tizim tashkilotlari binolarida joylashtiriladigan tematik plakatlar va hokazolarda aks ettiradi.


3-bob. Aloqa kanallari orqali kelib tushayotgan taaluqli xabarlarni qabul qilish.

7. Agentlikning Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati Agentlik va tizim tashkilotlarining aloqa kanallaridan kelib tushgan taaluqli xabarlarni ko‘rib chiqishga mas'ul hisoblanadi.

8. Agentlik va tizim tashkilotlarining quyidagi aloqa kanallaridan kelib tushgan taaluqli xabarlar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom va Agentlikning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablarida nazarda tutilgan tartibda ro‘yxatga olinadi va rezolyutsiya uchun Agentlik direktoriga yoki uning o‘rinbosariga chiqariladi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi orqali;

Agentlik va tizim tashkilotlarining rasmiy veb-sayti yoki elektron pochtasi orqali;

Agentlik va tizim tashkilotlarining telefon raqamlari orqali (ishonch va boshqa ish telefon raqamlari orqali);

Agentlik va tizim tashkilotlariga og‘zaki (shaxsan) murojaat qilish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar orqali.

9. Agentlik va tizim tashkilotlarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanal va sahifalari, telegram boti orqali kelib tushadigan xabarlarni qabul qilish uchun Komplayens-nazorat xizmati mas'ul xodimi tayinlanadi. Bunda, taaluqli xabar kelib tushganda Komplayens-nazorat xizmati mas'ul xodimi murojaatchi bilan elektron yozishma yo‘li bilan yoki telefon orqali bog‘lanib zarur axborotni aniqlashtiradi, xabarni Reyestrda ro‘yxatga oladi va ma'lumotni Agentlik direktori yoki uning o‘rinbosariga kiritadi. Komplayens-nazorat xizmati mas'ul xodimi kelib tushadigan xabarlarni dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 18:00 ga qadar tahlil qiladi. Agar xabar ish vaqtidan tashqari paytda kelib tushsa, bu xabar navbatdagi ish kunida aniqlashtirish uchun saqlanadi.

10. Agar murojaatchi o‘z xabarini tasdiqlash uchun qo‘shimcha materiallarga, masalan, fotomateriallar, hujjatlar, audio va videoyozuvlarga ega bo‘lsa, murojaatni qabul qilishga mas'ul xodim ularni taqdim etish bo‘yicha foydalaniladigan aloqa kanallari (telegram boti yoki elektron pochtasi)ni ko‘rsatadi va taqdim etiladigan ma'lumotni konfedentsialligini bildiradi. Mazkur ma'lumotlar taaluqli xabarga ilova sifatida rasmiylashtiriladi.

11. Agentlik direktori yoki uning o‘rinbosari taaluqli xabarni tezkorlik bilan tahlil qilish va ko‘rib chiqish uchun Agentlik Komplayens-nazorat xizmatiga topshiriq tushiradi.

12. Agentlikning Komplayens-nazorat xizmati taaluqli xabarni olgandan keyin 1 (bir) soat ichida uni ilovaga muvofiq shaklda Agentlikda korrupsiyaga oid harakatlar haqidagi xabarlarni qabul qilish reyestrida (keyingi o‘rinlarda – Reyestr) ro‘yxatga olishi va ushbu Tartibning 4-bobiga muvofiq ko‘rib chiqishi lozim.

13. Agentlik va tizim tashkilotlari murojaatchilarga xodim tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy xarakatlar to‘g‘risida anonim xabarlar qoldirish imkoniyatini beradi. Anonim xabar kelib tushgan taqdirda Agentlikning ma'sul xodimi, imkon mavjud bo‘lgan taqdirda, quyidagilarni amalga oshirishi lozim:

Agentlikga kelib tushgan xabarga javob berish uchun murojaatchi bilan bog‘lana olmasliklari mumkinligi haqida ma'lum qilishi; qo‘shimcha zarur ma'lumot olish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda xabarni to‘liq va har tomonlama o‘rgana olmasliklarini bildirishi; murojaatchiga u bilan bog‘lanish uchun anonim aloqa kanali tashkil qilishni taklif qiladi (shaxs ko‘rsatilmagan elektron pochta manzili, Telegramdagi maxfiy chat va.b.); Murojaatchi o‘z arizasidan voz kechmagan taqdirda, mazkur Tartibda nazarda tutilgan tartibda xabarni qabul qilishi shart.

14. Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlari tomonidan olingan xabarlarni ko‘rib chiqish jarayonida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etishning sabab va sharoitlari ham tahlil qilinadi va kelgusida ularning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.

15. Olingan xabarlar bo‘yicha barcha taaluqli materiallar, hujjatlar va ma'lumotlar (shu jumladan, qabul qilingan qarorlar va murojaatchilarga yuborilgan javoblar) Murojaatlar bilan ishlash tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan muddatga, shu bilan birga 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga saqlanishi kerak.

16. Taaluqli xabar agentlikning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarga kelib tushgan taqdirda, uni qabul qilgan mas'ul xodimlar zudlik bilan yozma shaklda hududiy (tarkibiy) bo‘linma rahbari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas'ulni kelib tushgan xabar to‘g‘risida xabardor qiladi, ular o‘z navbatida ushbu xabarni Agentlikning markaziy apparatidagi Komplayens-nazorat xizmatiga yuboradi. Komplayens-nazorat xizmati olingan xabarni 1-bandda bayon etilgan tartibga muvofiq ko‘rib chiqadi.

17. Agentlikning hududiy va tarkibiy bo‘linmalari o‘zlarining Reyestrini yuritadi.


4-bob. Korrupsiyaviy harakatlar haqidagi xabarlarni ko‘rib chiqish.

18. Komplayens-nazorat xizmatiga kelib tushgan barcha taaluqli xabarlar xizmatning mas'ul xodimlari yoki Agentlik direktori (yoki uning o‘rinbosari) topshirig‘iga asosan boshqa bo‘linmalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

19. Korrupsiyaviy xarakatlari to‘g‘risidagi xabarlarni ko‘rib chiqish jarayoniga, harakatlari ustidan taaluqli xabar kelib tushgan yoki ko‘rib chiqish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xodimlarni jalb qilish man etiladi.

20. Taaluqli xabar kelib tushganda Komplayens-nazorat xizmati xodimi dastlabki tekshiruvni o‘tkazib, uning taaluqliligini tahlil qiladi, ya'ni xabarda ko‘rsatilgan ma'lumotning Agentlik tizimiga taaluqli korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka va (yoki) manfaatlar to‘qnashuviga tegishliligini tekshiradi. Dastlabki tekshiruv taaluqli xabar Komplayens-nazorat xizmatiga kelib tushgan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida amalga oshiriladi.

21. Mazkur Tartibning 20-bandida nazarda tutilgan dastlabki tekshiruv natijalaridan qat'i nazar, bu haqdagi axborot Reyestrga kiritiladi.

22. Agar Komplayens-nazorat xizmati xodimi xabar taaluqli emas, degan xulosaga kelsa, bu xabar bir ish kuni ichida Agentlikning tegishli tuzilmasiga bildirgi asosida o‘tkazilishi lozim.

23. Agar xabarda korrupsiyaviy harakatlar va (yoki) manfaatlar to‘qnashuvi haqida ma'lumot hamda xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, Komplayens-nazorat xizmati xodimi ichki idoraviy hujjatda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi.

24. Taaluqli xabarlarni mazmunan ko‘rib chiqish Agentlikga kelib tushgan kundan e'tiboran bir oy ichida, tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari, agentlik direktori tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga (anonim murojaatlardan tashqari) xabar qilinadi.

25. Murojaatga javob Komplayens-nazorat xizmati tomonidan tayyorlanib, agentlik direktori yoki uning o‘rinbosarining imzosi bilan rasmiylashtiriladi.

26. Taaluqli xabarlarni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, o‘rganish natijalari va qo‘llanilgan ta'sir choralari ko‘rsatilgan javob xati tayyorlanadi va belgilangan tartibda murojaatchiga yuboriladi.

27. Ijtimoiy tarmoqdagi kanal va sahifalar yoki telegram-bot orqali kelib tushgan taaluqli xabarga javob murojaatchiga elektron shaklda ijtimoiy tarmoqdagi kanal va sahifalar yoki telegram-bot orqali yuboriladi.


5-bob. Hisobdorlik.

28. Reyestrdan Komplayens-nazorat xizmati xodimlari, xabarlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etgan tegishli boshqa davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari (faqat shunday xabarlarga doir), Agentlik direktori yoki raisning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishini nazorat qiluvchi o‘rinbosari foydalanishi mumkin.

29. Reyestr ma'lumotlari asosida Komplayens-nazorat xizmati har chorakda Agentlik direktoriga qabul qilingan korrupsiyaviy xarakatlar to‘g‘risidagi xabarlarga taalluqli bo‘lgan hisobotni taqdim etadi va unda quyidagilar ko‘rsatiladi:

kelib tushgan taaluqli xabarlar va ko‘rib chiqilgan taaluqli xabarlar soni;

korrupsiyaviy xarakatlar, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari tasdiqlangan taaluqli xabarlar soni;

ko‘rib chiqish muddatlari buzilgan taaluqli xabarlar soni;

taaluqli xabarlarni ko‘rib chiqishning o‘rtacha muddati;

murojaatchilar tomonidan eng ko‘p foydalaniladigan aloqa kanallari va boshqa statistik ma'lumotlar.

30. Mazkur Tartib talablarini buzish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

31. Mazkur Tartib, murojaatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi o‘zgarganda qayta ko‘rib chiqilishi lozim.