Qidirish

Brifing: Orol dengizining qurigan tubida 2022-yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi

Mamlaktimizda belgilangan qonunchilikka ko‘ra, ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasidan ko‘tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta'sirini kamaytirish, ushbu hududlarda cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” — barpo etish ishlarini izchillik bilan davom ettirish hamda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta'sirini yanada yumshatish maqsadida barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2022-yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Jami 590,3 tonna, shundan 391 tonna mahalliy aholi tomonidan cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi, 100 gektar saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etildi hamda 635 nafar ishchi-xodimlar, 250 dona yuqori unumli traktorlar va 2 dona kichik aviatsiya (AN-2) jalb etildi.

Shuningdek, ushbu barpo etilgan “yashil qoplamalar” soha olimlari doimiy monitoring qilinib, cho‘l o‘simliklarining ko‘karishi bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda.

Joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi. Ushbu “yashil qoplamalar”ni barpo etish va xatosini to‘ldirish uchun jami 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklarining urug‘larini jamg‘ariladi. 100 gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etiladi. Zarur miqdordagi texnika va mexanizmlar, mutaxassis va ishchi-xodimlar, shuningdek ixtiyoriy ravishda aholi o‘rmon meliorativ tadbirlarni amalga oshirish uchun jalb etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-yanvarda 25-F-sonli farmoyishi asosida joriy yilda “yashil qoplamalar” barpo etishni moliyalashtirish belgilandi. Mazkur Farmoyish bo‘yicha joriy yilda Orol dengizining suvi qurigan tubida 2023-yilda “yashil qoplamalar” barpo etish uchun jami 25 mlrd. so‘m mablag‘lar talab etiladi.

Moliyalashtirish manbaalari bo‘yicha Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasidan 5 mlrd. so‘m, O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasidan 5 mlrd. so‘m, Aktsiyadorlik tijorat banklaridan 5 mlrd. So‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 10 mlrd. so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, o‘tgan yillardagi mavjud qarzdorliklar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 5,5 mlrd. so‘m maqsadli mablag‘larni ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Orolbo‘yi mintaqasi bo‘lgan Navoiy viloyatida 50 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar hamda Xorazm viloyatida 11 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi.