Qidirish
23/03/23, 12:34
880

“Yashil makon” umummilliy loyihasi ishlari qanday bajarilmoqda?

Maʼlumki, oʻrmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi. Oʻrmon fondi yer maydonining 85,5 foizini (10 million gektar) choʻl, 13,2 foizini (1,6 million gektar) togʻ, 0,3 foizini (36 ming gektar) vodiy, 1 foizini esa (455,7 ming gektar) toʻqay hududlari tashkil etadi. Oʻrmon fondining foydalanilmayotgan 7 ming gektar yer maydonlari oʻzlashtirilib, oborotga kiritildi, foydalanilmayotgan 2,3 ming gektar yer maydonlari jismoniy va yuridik shaxslarga uzoq muddatga ijaraga berildi. Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida 2022-yilda jami 208 ming gektar, shundan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida 107 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 50 ming gektar va Xorazm viloyatida 11 ming gektar maydonda choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi.

Shuningdek, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlar dala chetlarida 2,5 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etildi. Oʻrmon barpo qilish, niholxona va koʻchatxonalar tashkil etish hamda koʻkalamzorlashtirish tadbirlari uchun daraxt va butalarning 1 ming tonna urugʻlari tayyorlandi. Oʻtgan 2022-yilda jami 113 million dona tuproq-iqlim sharoitga mos turdagi manzarali, mevali daraxt hamda butalarning nihol va koʻchatlar yetishtirildi. Respublika boʻyicha “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda “dolzarb 40 kunlik” davomida koʻchat ekish ishlariga barcha kuch va imkoniyatlar toʻliq safarbar etildi. Respublika hududlarida jami 76,4 mln dona, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5,3 mln. dona, Andijonda 5,9 mln dona, Buxoroda 6,0 mln dona, Jizzaxda 6,0 mln dona, Qashqadaryoda 6,3 mln dona, Navoiyda 5,3 mln. dona, Namanganda 5,9 mln dona, Samarqandda 6,2 mln dona, Surxondaryoda 6,0 mln dona, Sirdaryoda 5,3 mln. dona, Toshkentda 6,3 m dona, Fargʻonada 5,7 mln dona, Xorazmda 5,7 mln dona va Toshkent shahrida 0,4 mln dona) manzarali, mevali va boshqa turdagi koʻchatlar ekildi. Oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan kuzgi koʻchat ekish mavsumida koʻchatlarni yetkazib berish boʻyicha reja-grafigi tasdiqlandi hamda 2022-yil kuz mavsumida 13,4 mln. tup (topshiriqqa nisbatan 104,5 foiz) koʻchatlar yetkazib berildi. Bundan tashqari, “Yashil hudud” DUK va uning hududiy korxonalari hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari” tashkil etilishi boʻyicha amaliy ishlar olib borildi. Buning natijasida 588,4 gektar maydonda (rejaga nisbatan 101 foiz) “yashil bogʻlar” va 662,3 gektar maydonda “yashil jamoat parklari” (rejaga nisbatan 61 foiz) tashkil etildi. 5,4 ming gektar maydonda dorivor va ozuqabop oʻsimliklar plantatsiyalari barpo etilib, 8,3 ming tn. dorivor va ozuqabop oʻsimliklar xom ashyosi tayyorlandi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 28 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirildi hamda 30 gektar maydonda issiqxona (limonariy)lar tashkil etildi. Joriy yilda respublikada ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 235 ming gektar oʻrmonzorlar, shu jumladan Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyigacha mintaqasida 200 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etiladi.


“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023-yil bahor mavsumida respublika hududlarida 125 mln dona koʻchat va qalamchalar ekilishi rejalashtirilgan. Oʻrmon xoʻjaliklarida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirish koʻrsatkichlarini yanada oshirish choralarini koʻrish orqali 1,1 ming tonna urugʻ tayyorlanadi. Iqlim sharoitga mos daraxt va butalarning nihol va koʻchatlarni yetishtirish jami 120 million donaga yetkaziladi. Sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari dala chetlarida hosildorlikni koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan hamda shamol va suv eroziyalaridan himoyalash maqsadida 2500 gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etiladi. 5,2 gektar maydonda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etilib, ularning xom ashyosini yetishtirish 9 ming tonnaga yetkaziladi. Oʻrmonzor va butazorlar maydoni 2030-yilga borib 6,1 mln gektarga (15%) yetkaziladi. Shamol eroziyasi hamda qum bosishiga qarshi 2030-yilgacha 28,7 ming gektarda ihota daraxtzorlari barpo etiladi. Respublika boʻyicha koʻkalamzorlashtirish darajasini hozirgi 8% dan 2030-yilga 30% ga oshiriladi.