Qidirish
23/03/23, 12:31
1071

“Yashil makon” umummilliy loyihasida faol boʻling!

Bugun Nurafshon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida oʻtkazilgan daraxt koʻchatlarini oʻtqazish tadbiri ayni shunday deb nomlandi. “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumi doirasida Toshkent viloyati hokimligi, Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

Bugun dunyo miqyosida ekologik vaziyatni yaxshi deb boʻlmaydi. Buning yuzaga kelishiga esa juda koʻp omillar sabab boʻlmoqda. Transport vositalari, ishlab chiqarish korxonalari hamda aholi sonining koʻpayishi shular jumlasiga kiradi. Keyingi vaqtlarda ekologiyani zararlovchi omillar koʻpayishi barobarida havoni tozalashga xizmat qiluvchi daraxtlarga boʻlayotgan munosabat kishini tashvishlantiradi. Noqonuniy kesilishlar bilan birga daraxtlar tag qismining betonlanishi, turli usullar bilan ildiziga shikast yetkazilishi kabi holatlar har birimizdan oʻsib turgan koʻp yillik daraxtlarga eʼtiborli boʻlishni talab qilmoqda.

-Shu kunlarda butun respublika boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirlari olib borilyapti. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bu uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan muhim loyiha, – dedi Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov. – Lekin, koʻchat ekish bilan birga ekilgan koʻchatlarni koʻkartirish va asrab-avaylashga ham eʼtibor qaratishimiz, shuningdek, bor daraxtlarni saqlab qolish zimmamizdagi muhim masala sanaladi. Daraxtlar tabiatning oʻpkasi hisoblanadi. Ularsiz yetarlicha kislorod, kislorodsiz esa hayot boʻlmaydi. Mana shu oddiy haqiqatni tushunib, birgalikda daraxt ekish tadbirlarini amalga oshirsak, oʻylaymanki, “Yashil makon” umummilliy loyihasining samaradorligi yanada ortadi.

Tadbir davomida Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumiga start berildi.

Maʼlum qilinishicha, joriy mavsumda 203,4 gektar maydonda 10 mln 141 ming 900 tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan boʻlib, bu borada viloyatning barcha hududlarida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Daraxt ekish aksiyasida A. Abduxakimov, N. Bakirovlar ham qatnashib, keng jamoatchilik vakillari qatorida yaxshi niyat bilan daraxt koʻchat oʻtqazdi.

Aksiya davomida viloyatdagi korxona va tashkilotlar jamoalari, nuroniylar, mahalla faollari, deputatlar hamda yoshlardan iborat 2000 nafardan ortiq ishtirokchilar 1000 tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt koʻchatlarini ekishdi.