Qidirish
19/04/24, 17:05
1445

200-yilgacha umr ko‘radigan go‘zal manzaralari katalpa haqida nimalarni bilasiz?

Chiroyli va takrorlanmas manzaraga ega katalpa daraxti. Bo‘yi 15-20(30) m gacha yetadigan daraxt. Mazkur daraxt turi bignoniyadoshlar oilasiga mansubdir. Tanasi tik o‘sadi, shox-shabbasi piramida shaklda yoyiq keng bo‘ladi. Tanasi va shoxlarining po‘stlog‘i qizil-qo‘ng‘ir bo‘yiga enli yoyilgan. Yuz tomoni tiniq yashil, tuksiz, orqa tomoni sertuk hidsiz. Vatani – Shimoliy Amerika. Sho‘rlanishga chidamli. Issiqsevar. Namlikni yaxshi ko‘radi va qurg‘oqchilikka ham chidamli. Yorug‘sevar. O‘zbekistonning barcha viloyatlarida (sho‘rlangan tuproqlardan tashqari) sug‘orish yo‘li bilan ekish mumkin.

Bugungi kunda Toshkent viloyati Ohangaron o‘rmon xo‘jaligida ushbu daraxt parvarish qilinmoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, katalpa daraxtining 14 turi bor. Bu daraxt urug‘i, qalamchasi va ildiz bachkisidan ko‘paytiriladi. Yog‘ochi yengil, yumshoq, chirishga chidamli. O‘tgan zamonlarda katalpa yog‘ochlaridan elektr o‘tkazishda ustun sifatida ham poyezd yo‘llarida foydalanilgan. Chunki yog‘ochi yog‘ingarchilik sharoitida ham o‘z sifatini yo‘qotmaydi. Guli oq, qo‘ng‘iroqsimon, to‘pguli shingil yoki ro‘vaksimon ko‘rinishga ega.

Toshkent Botanika bog‘ida ham katalpaning 5 ta turi o‘sadi. Go‘zal katalpaning sovuqqa chidamli va chidamsiz turlari ham bor. Manzarali o‘simliklarning ko‘paytirishning eng ko‘p tarqalgan usuli-urug‘dan ko‘paytirishdir. Bu daraxtning ham mevasi terib olinadi va ko‘paytiriladi. Katalpaning o‘sish tezligi, yiliga- 1-2 m. Suvsizlikka chidamli. 200-yilgacha umr ko‘radi.

Qayd etish lozimki, ko‘kalamzorlashtirish tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad hududlar obodligini ta’minlash, yanada ko‘rkam qiyofa berish, shu bilan birga, atmosfera musaffo bo‘lishiga sharoit yaratishdir. Bu yil ekiladigan ko‘chatlar miqdori avvalgi yillardagiga qaraganda ko‘p bo‘lsa ko‘pdirki, aslo kam emas. Ko‘chatlarni yetishtirish uchun o‘rmon xo‘jaliklarda katta mehnat, salmoqli mablag‘ sarf etilmoqda.