U mehribon ona, suyukli yor, mas’uliyatli xodimdir!
Ayol - millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Shuning uchun mamlakatimizda xotin-qizlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Yurtimizda yasharish, yangilanish fasli bo‘lgan bahor bayramlar bilan boshlanadi. Bahorning ilk bayrami 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kunidir. Mamlakatimizda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda , xotin-qizlar manfaatini himoya qilish masalasi bugun mamlakatimizda eng ustuvor vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.
Bugungi kunda faol, o‘z kasbining ustasi, ijodkor ayol va qizlarning jamiyatimizdagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayollarning nozik didi, har ishga qunt bilan yondashuvi, tabiatan saranjom-sarishtaligi ularning barcha sohalarda samarali mehnat qilayotganlarining sababidir. Chunki oilani ham, jamiyatimizni ham birlashtirib, unga fayzu baraka kiritadigan, xonadonlarimizni mehr-muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar ham aslida mo‘tabar onalarimiz, munis opa-singillarimizdir.
Tadbirda mutasaddilar respublikada turli sohalarda tinmay xizmat qilayotgan barcha xotin-qizlarga bayram tabrigini yo‘llashdi.