Qidirish
26/04/23, 09:26
1325

Xastaliklarning asosiy davo manbai tabiatdir!

Inson o‘simlik dunyosi boyliklaridan ming yillar davomida turli kasalliklarni davolash va oldini olishda foydalangan. Hali tibbiyot rivojlanmagan zamonlarda ham odamlar kasallikka chalingan va tabiat in’om etgan dorivor giyohlar bilan davolangan.

Dorivor o‘simliklar ta’sir qiluvchi moddalarning tarkibiga qarab - alkaloidli, glikozidli, efir moyli, vitaminli kabi bir necha turlarga bo‘linadi. Yoki farmakologik ko‘rsatkichlariga qarab - tinchlantiruvchi, og‘riq qoldiruvchi, uxlatuvchi, yurak-tomir tizimiga ta’sir qiluvchi, markaziy nerv sistemasini qo‘zg‘atuvchi, qon bosimini pasaytiruvchi vazifalarni bajaradi. Ularning organizmga ta’siri uning tarkibidagi kimyoviy birikmalarning miqdoriga bog‘liq. Bu birikmalar o‘simlikning qismlarida turli miqdorda to‘planadi. Ko‘rinib turibdiki, xastaliklarning asosiy davo manbai bu tabiat.

Davlatimiz rahbarining “Dorivor o‘simliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon va “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida ham 2022-2026 yillarda 36 ming gektar maydonda qizilmiya, za’faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na’matak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish tashkil etish kabi vazifalar belgilab qo‘yilgan.

Mazkur hujjatlarga asosan, yaratilayotgan har 10 gektar yer maydonidagi dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq qazish, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stantsiyasini qurishga suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan har bir metri uchun 600 ming so‘mdan, ammo 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi orqali subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, dorivor o‘simliklarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga - yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz stavkada 12 oylik «revolver» kreditlar ajratiladi. Dorivor o‘simliklar xom ashyosi hamda undan tayyorlangan biologik faol qo‘shimchalar, essensiyalar va ekstraktlarni eksport qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlarining eksport uchun sarflangan avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.


O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati